Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarliklardan biri sifatida belgilanmoqda

Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 12-iyun kunidagi 362-son qarori (https://lex.uz/pdfs/7571945) bilan Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (https://lex.uz/uz/docs/-5193571) qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarliklardan biri sifatida belgilanmoqda.

Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlashda faol yordam bergan shaxslar undirilgan jarimaning ellik foizi miqdorida mukofot puli bilan rag‘batlantirilishi nazarda tutilmoqda.

Maʼlumot uchun: Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 61-1, 193-1 va 193-2-moddalarida korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarliklarni aniqlashda faol yordam bergan shaxslarga BHMning uch baravari miqdorida mukofot puli bilan rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat organining yoki tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik BHMning uch baravaridan besh baravarigacha miqdorida, davlat xaridlari sohasida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik esa yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kodeksning 193-4 va 215-7-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
———
Korrupsiyaga duch kelsangiz Agentlikning “Call-markazi” – 1253 orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan